“Humo” milliy toʻlov tizimi ishga tushadi

Mamlakatimizda turizmni rivojlantirish va turistlarga qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida “Asaka” aksiyadorlik tijorat banki birinchilardan boʻlib “MasterCard“, “UnionPay” va “UzCard” toʻlov tizimlarining kartalarini bankomat yoki terminalda xizmat koʻrsatish amaliyotini joriy qilgan edi.
Ushbu moliya muassasasidan yana bir yangilik: endi ushbu bankomatlar joriy yilning may oyidan boshlab “Humo” milliy toʻlov tizimining kartalariga xizmat koʻrsata boshlaydi.
Prezidentimizning 2018 yil 19 sentyabrdagi “Milliy toʻlov tizimini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosiga asosan “Asaka” bank tomonidan Toshkent shahar hududida jami 1 ming 550 dona “Humo” milliy toʻlov tizimiga mansub toʻlov terminali oʻrnatildi. Ayni kunda “Humo” milliy toʻlov tizimi viloyatlarda ham tatbiq etilmoqda.
Milliy matbuot markazida plastik kartochkalar orqali hisob-kitoblarni yanada rivojlantirish masalalariga bagʻishlangan anjumanda shu haqda soʻz yuritildi.
“Asaka” aksiyadorlik tijorat banki boshqaruvi raisi oʻrinbosari B.Abdullayev va boshqalar mamlakatimizda banklar tomonidan koʻrsatilayotgan xizmat turlari aholi va mijozlarga keng qulayliklar yaratayotgani, hozirgi kunda plastik kartalar odamlarning asosiy toʻlov vositasiga aylanib borayotganini alohida qayd etdi.
Taʼkidlanganidek, yurtimizda plastik kartalar orqali naqd pulsiz toʻlovlarni rivojlantirish yoʻlida “Asaka” bank ham salmoqli hissasini qoʻshib kelmoqda. Bugungi kunda respublikamizning barcha viloyatlarida “Asaka” bankning 27 filiali, 16 ta tunu kun ishlaydigan 24/7 shoxobchasi, 70 bankomat va 98 infokioskasi mijozlar xizmatida.
– “Asaka” bank tomonidan muomalaga chiqarilgan plastik kartalar soni 1,8 million donani tashkil etsa, oʻrnatilgan terminallar soni 11 mingdan oshgan, – dedi mazkur bankning kartochkalar biznesini rivojlantirish departamenti boshligʻi B.Abdurahmonov. – Mijozlarga qulaylik yaratish va masofaviy xizmatlar koʻlamini kengaytirish maqsadida moliya muassasamiz yana “Asaka mobile” mobil ilovasini ham joriy qilgan. Ushbu ilova orqali kartadan kartaga pul oʻtkazish, onlayn omonat ochish, onlayn konversiya amaliyotini oʻtkazish, kreditlarni soʻndirish, kommunal, byudjet, soliq, internet va boshqa xizmatlar boʻyicha toʻlovlarni oʻtkazish imkoniyati mavjud. “Asaka mobile” mobil ilova orqali “oilaviy kartalar”ni boshqarish yangi xizmat turi amaliyotga tatbiq etildi. Bu xizmat turi orqali mijozlar oila aʼzolariga qoʻshimcha kartalar olishi va oʻz hisob raqamidan oʻzi belgilagan limit doirasida amaliyotlar bajarishi mumkin.

Oʻzbekiston – Rossiya: savdo-iqtisodiy hamkorlik yanada mustahkamlanadi

Moskva shahrida Iqtisodiy hamkorlik boʻyicha Oʻzbekiston – Rossiya hukumatlararo komissiyasining navbatdagi majlisi boʻlib oʻtdi.
Tadbirda ikki mamlakatning iqtisod, savdo-sanoat, sarmoya, qishloq va suv xoʻjaligi, energetika, yengil va kimyo sanoati kabi qator sohalar uchun masʼul vazirlik va idoralari, kompaniya rahbarlari ishtirok etdi.
Majlis Iqtisodiy hamkorlik boʻyicha Oʻzbekiston – Rossiya hukumatlararo komissiyasi hamraislari – Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot va sanoat vaziri Botir Xoʻjayev va Rossiya Federatsiyasi iqtisodiy rivojlanish vaziri Maksim Oreshkin raisligida oʻtdi.
Taʼkidlanganidek, Oʻzbekiston bilan Rossiya oʻrtasidagi strategik sheriklik asosidagi koʻp qirrali hamkorlik jadal rivojlanib bormoqda. Oliy darajadagi tashriflar davomidagi uchrashuv va muzokaralar yakuni boʻyicha erishilgan kelishuvlar bunda muhim oʻrin tutadi.
Muloqotda ikki tomonlama hamkorlikning joriy holati va istiqbollari yuzasidan fikr almashildi. Komissiyaning oʻn toʻqqizinchi majlisida belgilangan vazifalar ijrosi boʻyicha maʼlumotlar tinglandi. Savdo-iqtisodiy, jumladan, yoqilgʻi-energetika kompleksida, sanoat, qishloq xoʻjaligi, transport va boshqa sohalardagi hamkorlikni yanada mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Aloqa, axborot texnologiyalari va kommunikatsiya, taʼlim, fan, turizm, madaniyat, migratsiya, sogʻliqni saqlash va atrof-muhitni muhofaza qilish sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish va mustahkamlashga qiziqish bildirildi.
Tadbir doirasida milliy loyihalarni amalga oshirish boʻyicha hamkorlik masalalari koʻrib chiqildi.
Muzokaralar yakunida oʻzaro savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish boʻyicha takliflar bildirildi, majlis bayonnomasi qabul qilindi.

May oyida yetishtirilgan kartoshkalar Rossiyaga eksport qilinadi

Surxondaryoda yetishtirilayotgan may oyida yetiluvchi ertapishar kartoshkalar Rossiyaga eksport qilinishi kutilmoqda.
O‘zbekiston kartoshka yetishtiruvchilar uyushmasi raisining aytishicha, Rossiya kartofelnыy soyuzi O‘zbekistonga bir qancha talablar qo‘ygan. Ularga ko‘ra, kartoshkalar qadoqlangan va O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan belgisi bo‘lishi so‘ralmoqda. Chunki bu kartoshkaga bo‘lgan talabni oshiradi.
Bugungi kunda O‘zbekistonning 33 milliondan ortiq aholisining kartoshkaga bo‘lgan ehtiyoji 2 million 200 ming tonnani tashkil etadi. O‘zbekiston hududida 78 ming gektar yerga kartoshka ekilishi ko‘zda tutilgan. Bu mo‘ljaldagi 2 mln. 200 ming tonna ko‘rsatkichni qoplashga yetadi.
O‘tgan yili chetdan olib kelingan elita urug‘lari dehqon va fermerlarga vaqtida yetkazib beriladi. Bu haqda Kartoshka yetishtiruvchilar uyushmasi raisi Elyor Toshpo‘latov Xalqaro press-klubning “Qishloq xo‘jaligi-2019: mavsumning kutilmagan sinovlari davridagi muhim vazifalar, chora-tadbirlar va zamonaviy yondashuvlar tahlili” mavzusiga bag‘ishlangan anjumanda ma’lumot berdi.