Oʻzbekiston – Rossiya: savdo-iqtisodiy hamkorlik yanada mustahkamlanadi

Moskva shahrida Iqtisodiy hamkorlik boʻyicha Oʻzbekiston – Rossiya hukumatlararo komissiyasining navbatdagi majlisi boʻlib oʻtdi.
Tadbirda ikki mamlakatning iqtisod, savdo-sanoat, sarmoya, qishloq va suv xoʻjaligi, energetika, yengil va kimyo sanoati kabi qator sohalar uchun masʼul vazirlik va idoralari, kompaniya rahbarlari ishtirok etdi.
Majlis Iqtisodiy hamkorlik boʻyicha Oʻzbekiston – Rossiya hukumatlararo komissiyasi hamraislari – Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot va sanoat vaziri Botir Xoʻjayev va Rossiya Federatsiyasi iqtisodiy rivojlanish vaziri Maksim Oreshkin raisligida oʻtdi.
Taʼkidlanganidek, Oʻzbekiston bilan Rossiya oʻrtasidagi strategik sheriklik asosidagi koʻp qirrali hamkorlik jadal rivojlanib bormoqda. Oliy darajadagi tashriflar davomidagi uchrashuv va muzokaralar yakuni boʻyicha erishilgan kelishuvlar bunda muhim oʻrin tutadi.
Muloqotda ikki tomonlama hamkorlikning joriy holati va istiqbollari yuzasidan fikr almashildi. Komissiyaning oʻn toʻqqizinchi majlisida belgilangan vazifalar ijrosi boʻyicha maʼlumotlar tinglandi. Savdo-iqtisodiy, jumladan, yoqilgʻi-energetika kompleksida, sanoat, qishloq xoʻjaligi, transport va boshqa sohalardagi hamkorlikni yanada mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Aloqa, axborot texnologiyalari va kommunikatsiya, taʼlim, fan, turizm, madaniyat, migratsiya, sogʻliqni saqlash va atrof-muhitni muhofaza qilish sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish va mustahkamlashga qiziqish bildirildi.
Tadbir doirasida milliy loyihalarni amalga oshirish boʻyicha hamkorlik masalalari koʻrib chiqildi.
Muzokaralar yakunida oʻzaro savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish boʻyicha takliflar bildirildi, majlis bayonnomasi qabul qilindi.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan